«Bavariya» yarim himoyachisi Yozua Kimmix o‘z jamoadoshi Manuel Noyerning Germaniya terma jamoasiga qaytishi haqida iliq fikrlarni bildirdi. 40 yoshli tajribali darvozabon bosh murabbiy Yulian Nagelsmann tomonidan Jahon chempionati uchun qaydnomaga kiritildi.
«Bundan juda xursandman. Biz 11 yildan beri birga o‘ynaymiz. Uning biz bilan Jahon chempionatiga borishi ajoyib yangilik», — dedi Kimmix.
Ta’kidlash joizki, Noyerning qaytishiga qaramay, Germaniya terma jamoasi sardori sifatida 31 yoshli Kimmix qoladi. Mavzuga hazilomuz tarzda yondashgan Yozua Bild nashriga bergan intervyusida shunday dedi: «Ha, rostdan ham, bu haqda hatto o‘ylab ham ko‘rmagandim. Birinchi qulay fursatda Manuelga endi uning sardori men ekanimni aytib qo‘yaman».
Eslatib o‘tamiz, Germaniya terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichida Kyurasao, Kot-d’Ivuar va Ekvador terma jamoalari bilan raqobatlashadi.













