Konferensiyalar Ligasi final uchrashuvi oldidan "Kristal Pelas" va "Rayo Valyekano" muxlislari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.
Turnirning final o‘yini bugun, 27 may kuni Leypsig shahrida bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
BBC nashrining Saksoniya polisiyasiga tayanib xabar berishicha, seshanba kuni kechqurun shahar markazida "Rayo Valyekano"ning 300 ga yaqin muxlisi restoran terrasalarida o‘tirgan "Kristal Pelas" fanatlari bilan to‘qnashuv uyushtirgan. Mojaro ishtirokchilari bir-birlariga shishalar, mebellar va pivo bokallarini uloqtirishgan va voqea joyiga yetib kelgan polisiya xodimlari mushtlashuvni bartaraf etishgan.
Keyinchalik, 60 ga yaqin kishidan iborat "Pelas" fanatlari guruhi yonidan o‘tib ketayotgan "Rayo" muxlislarini provokasiya qilgan, biroq polisiya tartibbuzarliklarning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan.













