Ispaniyalik mutaxassis Andoni Iraola «Liverpul» klubi bosh murabbiyi etib tayinlanadi. Bu haqda insayder Nikolo Skira X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, tomonlar hamkorlik shartlarini allaqachon kelishib olishgan va shartnoma 2029 yilning yoziga qadar amal qiladi.
Insayder Fabrisio Romano ham mersisaydliklarning Iraolaga bo‘lgan qiziqishini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, klub rahbariyati ispaniyalik murabbiyni bosh murabbiylik lavozimi uchun yagona nomzod sifatida ko‘rmoqda va bitimni yaqin orada rasmiylashtirishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, tomonlar o‘rtasidagi rasmiy muzokaralar yaqin kunlarda boshlanishi kerak. «Liverpul»da hozircha Arne Slot o‘rniga boshqa variant yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, kecha klub Arne Slotni iste’foga chiqargan edi. Iraola 2023 yildan buyon «Bornmut»ni boshqarib kelmoqda va yakunlangan mavsumda jamoani tarixda ilk bor yevrokuboklarga olib chiqdi. Kutilishicha, yozda mutaxassis ingliz klubini tark etadi.













