Yakshanba kuni Madridning «Real» klubida prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda Florentino Peres 65 foiz, Enrike Rikelme esa 35 foiz ovoz to‘pladi. Natijalar e’lon qilinganidan so‘ng, g‘olib rahbar o‘z raqibi haqida nima deb o‘ylashini ma’lum qildi.
«Rikelme munosib raqib bo‘la oldimi? Biror narsa deyolmayman, chunki men uning kimligini ham bilmayman», — deya Peresning so‘zlarini keltirmoqda Ispaniya OAVlari.
Florentino Peres 2030 yilga qadar «Real» prezidenti lavozimida qoladi. U ushbu lavozimni 2009 yildan buyon egallab kelmoqda.
Saylovoldi kampaniyasi davrida Rikelme Erling Xoland bilan kelishuvga erishgani va jamoaga Yurgen Kloppni bosh murabbiy etib tayinlashi mumkinligi haqida bayonot bergan edi. Biroq futbolchi va murabbiyning vakillari Madrid grandi bilan hech qanday aloqa yo‘qligini tezda inkor etib chiqishgandi.













