Dortmundning «Borussiya» klubi «Xoffenxaym» hujumchisi Fisnik Asllanini kuzatishda davom etmoqda. Bu haqda «Bild» nashri xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining atrofidagilar (vakillari) va klub o‘rtasida allaqachon muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Kosovo terma jamoasi sharafini himoya qiluvchi 23 yoshli futbolchining o‘zi ham ushbu transferga tayyor ekanligini bildirgan.
«Borussiya» rahbariyati aniq qadamlar faqat tarkibdagi o‘zgarishlardan keyingina tashlanishini ta’kidlamoqda. Bu borada Seru Girassi va Karim Adeyemi bilan bog‘liq vaziyatlar hal qiluvchi ahamiyatga ega: ularning ikkalasi ham klubda qolar ekan, Asllanining transferi amalga oshishi amrimahol.
Asllani «Elversberg»dagi ajoyib o‘yinlaridan so‘ng bir qator klublar e’tiborini tortgan edi, keyinchalik esa «Xoffenxaym» tarkibida Bundesligada ham o‘z darajasini isbotlay oldi. Yakunlangan mavsumda u klub miqyosida jami 35 ta o‘yinda maydonga tushib, 11 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning amaldagi shartnomasida futbolchini 25–30 million yevro evaziga sotib olish mumkinligi haqidagi band mavjud.













