Bilbaoning «Atletik» klubi qanot hujumchisi Niko Uilyams faoliyatini «Manchester Yunayted»da davom ettirishi mumkin. Bu haqda ElNacional nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, «qizil iblislar» 23 yoshli vingerning harakatlarini faol kuzatib borishmoqda. Biroq ingliz klubi ayni damda futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan 100 million yevrolik tovon pulini to‘lashga tayyor emas.
«Manchester Yunayted» rahbariyati anchadan beri Niko Uilyams o‘yiniga qiziqish bildirib keladi, ammo joriy yozgi transfer oynasida klub asosiy e’tiborni yarim himoya chizig‘ini kuchaytirishga qaratgan. Bu transferning amalga oshishi ko‘p jihatdan mankunianliklarning o‘z futbolchilarini sotish orqali qancha mablag‘ ishlab topa olishiga bog‘liq bo‘ladi.
Qayd etilishicha, ispaniyalik iqtidor egasi uchun APLning boshqa grandlari — «Arsenal» va «Liverpul» klublari ham jiddiy kurash olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, yakunlangan mavsumda Niko Uilyams barcha musobaqalarda 32 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 6 ta gol va 7 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan.













