Turinning «Yuventus» klubi Jovanni Karnevali jamoaning bosh ijrochi direktori va bosh menejeri lavozimiga tayinlanganini tasdiqladi. Bu haqda Turin klubi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Italiyalik mutaxassis ushbu lavozimda o‘zaro kelishuvga ko‘ra klubni tark etgan Damyen Komollining o‘rnini egalladi. Qayd etilishicha, Komolli klub ichidagi beqarorlik hamda bosh murabbiy Luchano Spalletti bilan yuzaga kelgan keskin munosabatlar fonida Turinni tark etishga qaror qilgan.
«Yuventus» klubining rasmiy bayonotida Karnevalining «Sassuolo» klubidagi muvaffaqiyatli faoliyati alohida e’tirof etilgan. U yerda mutaxassis «barqaror boshqaruv modelini yaratish va yosh futbolchilar bilan ishlash tizimini rivojlantirishda muhim rol o‘ynagan».
Karnevali Turin klubidagi faoliyatini ancha murakkab transfer mavsumida boshlamoqda. Gap shundaki, «Yuventus»ning Chempionlar ligasi yo‘llanmasidan quruq qolgani klub byudjetiga jiddiy moliyaviy zarar yetkazdi. Bu esa jamoaning joriy yozgi transfer oynasidagi tarkibni kuchaytirish strategiyasiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin.













