«Yuventus», «Inter», «Barselona», «Milan», «PSJ» va «Manchester Yunayted» klublarining sobiq hujumchisi Zlatan Ibrahimovich 2026 yilgi jahon chempionatida Xorvatiya terma jamoasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Zlatko Dalich boshchiligidagi jamoa "L" guruhida Angliya, Gana va Panama terma jamoalari bilan bahs olib boradi. E’tiborli jihati shundaki, Zlatan futbolchilik faoliyati davomida o‘zi to‘p surgan Shvesiya terma jamoasini emas, aynan Xorvatiyani tilga oldi.
— Qaysi guruh sizning e’tiboringizni ko‘proq tortmoqda?
— "L" guruhi. Bu yerda Angliya bor, Xorvatiya bor. Mening xorvat ildizlarim mavjud, shuning uchun bu turnirda aynan ularga muxlislik qilaman. Shuningdek, Gana ham bor — iqtidorli futbolchilarga ega jamoa. Ularning nimalarga qodirligini ko‘ramiz. Panama ham ishtirok etmoqda. Afsuski, menimcha, ushbu guruhda u boshqalar uchun «mashq ob’ekti»ga aylanadi.
Angliya va Xorvatiya birinchi o‘rin uchun kurash olib boradi, Gana esa ularga muammo tug‘dirib, ochko tortib olishi mumkin, — dedi Ibrahimovich Fox Sports efirida.













