«Osasuna» klubining 22 yoshli vingeri Viktor Munyos Angliyaning «Nyukasl» klubiga o‘tmoqda. Bu haqda Diario AS nashri xabar bermoqda.
Munyosning shartnomasida 40 million yevro miqdorida tovon puli belgilab qo‘yilganiga qaramay, ushbu xarid «Nyukasl»ga 30 million yevro va bunga qo‘shimcha ravishda ispaniyalik futbolchining shaxsiy yutuqlariga bog‘liq bo‘lgan bonuslar evaziga tushadi. Manbaning ma’lum qilishicha, kelishuv eng qisqa vaqt ichida yakunlanishi mumkin.
Alohida ta’kidlash joizki, transfer summasining 50 foizi Madridning «Real» klubiga tegadi. «Qirollik klubi» o‘tgan yozda Munyosni «Osasuna»ga 5 million yevro evaziga sotgan edi.
Yakunlangan mavsumda Munyos barcha musobaqalarni inobatga olgan holda jami 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini yetti bor ishg‘ol qildi va beshta golli uzatma muallifiga aylandi.













