"Barselona" klubining sobiq hujumchisi Luis Suares Lamin Yamal va Lionel Messining o‘zaro solishtirilishi haqida o‘z fikrini bildirdi.
18 yoshli ispaniyalik futbolchini faoliyatining ilk kunlaridanoq Messining vorisi deb atashmoqda. Urugvaylik forvardning fikricha, bunday o‘xshashliklar unchalik to‘g‘ri emas.
"Yamalni Messi bilan solishtirish adolatdan emas — ular boshqa-boshqa futbolchilar. To‘g‘ri, ikkalasining ham chap oyog‘i sehrli, ikkisi ham aql bovar qilmas darajada iqtidorli, lekin ular bir xil emas. Umid qilamanki, kun kelib Lamin Leo darajasiga yetadi", — deya 39 yoshli hujumchining so‘zlarini keltiradi BarcaTimes.
Hozirda Luis Suares va Lionel Messi "Inter Mayami" klubida birgalikda to‘p surishmoqda. Suares "Barsa"ni 2020 yilda, Messi esa undan bir yil o‘tib tark etgan edi.













