AQSH prezidenti Donald Tramp yillik moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, FIFA prezidenti Janni Infantino unga 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlari uchun 10 ta chipta sovg‘a qilgan. Bu haqda CNBC xabar bermoqda.
Hujjatlarda ko‘rsatilishicha, Tramp umumiy qiymati 370 ming dollardan ortiq bo‘lgan sovg‘alar qabul qilib olgan. Ularning asosiy qismini sport tadbirlariga chiptalar tashkil etgan. Ular orasida JCH-2026 o‘yinlariga qiymati 15 ming dollarlik 10 ta chipta, 50 ming dollarlik Superboul (Amerika futboli) finaliga 10 ta chipta, shuningdek, boshqa sport musobaqalariga chiptalar bor.
Jahon chempionati – 2026 musobaqasi 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tmoqda. Turnirning final uchrashuvi Nyu-Yorkdagi «Metlayf Stedium» arenasida o‘tkaziladi.













