Angliya terma jamoasi Jahon chempionatining 1/8 final uchrashuvi oldidan Mexiko shahriga uchish vaqtini ortga surishga qaror qildi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda.
Manbaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, Kongo DR ustidan qozonilgan g‘alabadan (2:1) so‘ng Tomas Tuxel shogirdlari Meksika poytaxtiga yo‘l olish o‘rniga Kanzas-Sitidagi o‘z bazasiga qaytib kelishgan. Bunday qarorga kelinishining asosiy sabablaridan biri — o‘yinga tayyorgarlikni imkon qadar yopiq sharoitda o‘tkazish va taktik ishlanmalarning sizib chiqishi (ayg‘oqchilik) xavfini butunlay yo‘qqa chiqarish istagidir.
Xabar qilinishicha, inglizlarning mashg‘ulot bazasi polisiya va xususiy xavfsizlik xizmatlari tomonidan kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanmoqda. Terma jamoa shtabining hisoblashicha, Mexikoda mashg‘ulotlarni kuzatish va raqib tomonidan ma’lumotlar to‘planishi xavfi ancha yuqori.
Bundan tashqari, inglizlar Meksikaga yetib borgach, tayyorgarlik jarayonini buzishga bo‘ladigan ehtimoliy urinishlarga ham taxt turishibdi. Avvalroq Ekvador futbol federasiyasi turnir mezbonlariga qarshi o‘yindan so‘ng FIFAga shikoyat qilgan edi. Unda mahalliy meksikalik muxlislar Ekvador terma jamoasi mehmonxonasi yonida tuni bilan mushaklar otib, mashina signallari, barabanlar va baland musiqalardan foydalangan holda futbolchilarni uyqudan mahrum qilishga urinishgani ta’kidlangan.
Angliya — Meksika uchrashuvi 6 iyul kuni bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan soat 05:00 da start oladi.













