«Manchester Yunayted» klubi va Argentina terma jamoasi himoyachisi Lisandro Martines o‘z vaqtida faoliyatini yakunlash haqida jiddiy o‘ylaganini tan oldi.
«O‘tgan yili xochsimon bog‘lamlarimni yirtib olganimdan keyin futboldan ketish haqida o‘ylagan edim. Boshqa azob chekishni istamagandim. Butunlay tushkunlikka tushib qolgandim, biroq keyin qizim dunyoga keldi. Bu lahza hamma narsani o‘zgartirib yubordi. Men rafiqamning ko‘zi yorishi jarayonini, bu unga qanchalik katta kuch va mashaqqat evaziga bo‘lganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Shundan so‘ng o‘zimga-o‘zim dedim: qanday qilib bundan keyin men taslim bo‘lishim mumkin?» — deya Martinesning so‘zlarini jurnalist Fabrisio Romano keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentina terma jamoasi Kabo-Verdeni mag‘lub etib, JCH-2026ning 1/8 finaliga yo‘l olgan edi. Lisandro ushbu uchrashuvda maydonda to‘liq 120 daqiqa harakat qildi, bitta gol urdi va Messining goliga assistentlik qildi.
Keyingi raundda argentinaliklar Misr terma jamoasi bilan to‘qnash kelishadi. Uchrashuv 7 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.













