Madridning «Real» klubi o‘z tarkibida hujumchi Vinisius Juniorni saqlab qolish niyatida.
Marca nashrining tarqatgan ma’lumotlariga ko‘ra, madridliklar braziliyalik yulduz bilan amaldagi shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni Jahon chempionati yakunlanganidan keyin qayta boshlaydi. Garchi futbolchining o‘zi ham, «qaymoqranglilar» rahbariyati ham bir necha bor hamkorlikni davom ettirish istagini bildirgan bo‘lishsa-da, amalda bu boradagi muzokaralar oxirgi bir yil davomida to‘xtab qolgan edi.
Vinisius Junior 2018 yilda «Flamengo» klubidan 45 million yevro evaziga «Real»ga o‘tgan edi. Uning madridliklar bilan hozirgi shartnomasi 2027 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan. Ortda qolgan 2025/26 yilgi mavsumda hujumchi «qaymoqranglilar» safida barcha musobaqalarda 53 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 22 ta gol va 14 ta golli uzatma yozdirib qo‘ydi.













