O‘zbekistonlik taniqli grossmeyster Javohir Sindarov AQSHda bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini stadiondan tomosha qildi. Shaxmatchi musobaqa doirasida O‘zbekiston milliy jamoasini bevosita stadiondan qo‘llab-quvvatladi hamda o‘zining turnir haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Jurnalistning O‘zbekiston milliy jamoasining JCH-2026 dagi ishtirok va stadiondagi muhit haqidagi savoliga Sindarov quyidagicha fikr bildirdi:
“Futbol fantastik darajada bo‘ldi. Muhit va u yerdagi barcha narsa juda ajoyib edi. Men bundan rostdan ham zavq oldim. Faqatgina o‘yin hisobi biz uchun yaxshi bo‘lmadi, biroq bu mamlakatimiz uchun ilk tajriba ekanini tushunish kerak. Biz kichik davlatmiz, shunga qaramay, yaxshi tajriba to‘pladik. Umid qilamanki, kelasi safar milliy jamoamiz yanada kuchliroq bo‘lib qaytadi”, deydi shaxmatchi.
Suhbat yakunida jurnalistning “Sizningcha, futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchi kim?” degan savoliga grossmeyster aniq javob qaytardi:
“Odamlar buni bilishlari kerak, men Messining muxlisiman”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik grossmeyster AQSHda ilk bor tashkil etilgan Daniel Narodiskiy xotira turnirining rapid yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani xabar qildingan edi. Amerikalik grossmeyster, sharhlovchi va strimer Daniel Narodiskiy xotirasiga bag‘ishlangan musobaqada Sindarov yetti tur yakuniga ko‘ra 6 ochko jamg‘arib, hindistonlik grossmeyster Aravind Chitambaram bilan birinchi o‘rinni bo‘lishdi.













