Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/07 20:00 Bunyodkor - Paxtakor
27/07 20:00 Andijon - Buxoro
27/07 20:00 Lokomotiv - So‘g‘diyona

“Neymarni tarkibga kiritish to‘g‘ri qaror edi, ammo u o‘ynashga tayyor emasdi” — Kafu

“Neymarni tarkibga kiritish to‘g‘ri qaror edi, ammo u o‘ynashga tayyor emasdi” — Kafu

Baho:
+ | -

Braziliya terma jamoasi va Italiyaning “Milan” klubi afsonasi, 2002 yilgi Jahon chempioni Kafu Karlo Anchelottining 2026-yilgi Jahon chempionatiga Neymarni olib borish qarori haqida fikr bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, Neymarni terma jamoaga chaqirish murabbiy qarori bo‘lgan va bu qarorni muhokama qilishning hojati yo‘q. Biroq futbolchining jismoniy holati unga to‘liq o‘ynash imkonini bermagan.

“Anchelotti Neymarni maydonga tushirishga majbur emas edi. Uning to‘liq o‘yin o‘tkazishga tayyor bo‘lganiga ishonchim komil emas. Balki u jarohatlari va uzoq vaqt o‘ynamagani sabab 30 daqiqa ham harakat qila olmasdi. Jahon chempionatida tiklanish uchun vaqt bo‘lmaydi. Bunday turnirda faqat 100 foiz tayyor futbolchilar maydonga tushishi kerak”, dedi sobiq futbolchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Neymarni terma jamoaga qaytarish qarorini butun Braziliya qo‘llab-quvvatlagan, ammo tarkibda bo‘lish va maydonga tushish o‘rtasida katta farq bor.

“Katta turnirlarga to‘rt yil tayyorgarlik ko‘rasiz. Ammo bitta taktik xato yoki tayyor bo‘lmagan futbolchini maydonga tushirish sabab bu mehnatning barchasi bekorga ketishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi u.

Kafuning aytishicha, Braziliyada deyarli hamma Neymar mundialda asosiy rol o‘ynay olmasligini oldindan bilgan.

“U so‘nggi uch yarim yil ichida ketma-ket beshta o‘yin o‘tkazmadi. Jahon chempionatiga jarohat bilan keldi, 25 kun maydonga tushmadi va Anchelotti qo‘l ostida hali birorta ham uchrashuvda ishtirok etmagandi. Shuning uchun uning mundialga tayyor emasligini hamma tushunardi”, dedi sobiq himoyachi.

Kafu Neymar faqat favqulodda vaziyatlarda 15–20 daqiqaga maydonga tushishi mumkinligini, Norvegiyaga qarshi uchrashuvda ham shunday reja bo‘lganini, biroq bu amalga oshmaganini aytdi. Shuningdek, u barcha muvaffaqiyatsizlik uchun Neymarni ayblash noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi.

“Olti yil avval Neymar yakka o‘zi o‘yinni o‘zgartirib yubora olardi. Hozir esa u bunday darajada emas”, dedi Kafu.

Ma’lumot uchun, Braziliya Jahon chempionati 1/8 finalida Norvegiyaga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashdi. O‘sha uchrashuvda Neymar penaltidan jamoasining yagona golini urdi. Alamli mag‘lubiyatdan so‘ng ko‘z yoshlarini tiya olmagan hujumchi milliy jamoadagi faoliyatini yakunlaganini rasman e’lon qildi.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 23:07, 16.07.2026.
O'qildi: 1014 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик