Afsonaviy darvozabon Janluiji Buffon Italiya terma jamoasi tizimiga qaytish taklifini rad etdi. Bu haqda La Gazzetta dello Sport nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, yaqinda Italiya futbol federasiyasi (FIGC) texnik direktori etib tayinlangan Paolo Maldini Buffonni mamlakatning barcha terma jamoalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Club Italia tuzilmasida ko‘rishni xohlagan edi. Sobiq posbonga asosiy boshqaruv rollaridan biri topshirilishi va jamoalar bilan faol ishlashi ko‘zda tutilgan edi.
Buffon ilgari Italiya terma jamoasi delegasiyasi rahbari lavozimida ishlagan, biroq JCH-2026 saralashining pley-off bosqichida Bosniya va Gersegovinadan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng o‘z lavozimini tark etgan edi. O‘shanda bosh murabbiy Djennaro Gattuzo va FIGC prezidenti Gabriele Gravina ham iste’foga chiqqandi.
La Gazzetta dello Sport xabariga ko‘ra, Buffon Maldinining taklifini jiddiy ko‘rib chiqqan, ammo yakunda rad etishga qaror qilgan. Sobiq golkiper hozirda Italiya futbolidagi faoliyatga qaytishga tayyor emas deb hisoblaydi.
Bu orada FIGC rahbariyati milliy terma jamoaga yangi bosh murabbiy qidirishni davom ettirmoqda. Avvalroq Xosep Gvardiola va Karlo Anchelotti terma jamoani boshqarishdan bosh tortgani, asosiy nomzodlardan biri sifatida esa Andrea Pirlo ko‘rilayotgani haqida xabar berilgan edi.













