«Yuventus» afsonasi Janluidji Buffon jamoada qaysi darvozabonni ko‘rishni istashini aytib o‘tdi.
Taniqli sobiq posbon anchadan beri Turinga ko‘chib o‘tishi mumkinligi aytilayotgan Gulyelmo Vikario nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Hozirda 29 yoshli italiyalik futbolchi Angliyada — «Tottenxem» safida to‘p surmoqda.
«Vikario allaqachon uch-to‘rt yildan beri Italiya terma jamoasiga chaqirilmoqda, u «Tottenxem» bilan Yevropa Ligasida g‘olib chiqdi. O‘ylashimcha, unda «Yuventus» kabi buyuk klubda muvaffaqiyat qozonish uchun zarur bo‘lgan barcha sifatlar mujassam», — dedi Buffonning so‘zlarini keltirgan jurnalist Nikolo Skira.
Gulyelmo Vikarioning transfer qiymati Transfermarkt portali tomonidan 18 million yevroga baholanmoqda. Darvozabonning «shporlar» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan.













