"Inter" yarim himoyachisi Genrix Mxitaryan professional futboldagi 20-mavsumi oldidan o‘z his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi va Milan klubi tarkibidagi eng tajribali o‘yinchi roli haqida gapirib berdi.
"Bu mening professional sifatidagi 20-mavsumim. Men juda baxtiyorman va bu men uchun katta ahamiyatga ega. Bu faoliyatim davomida, ehtimol, hamma narsani to‘g‘ri qilganimni anglatadi. Aynan shu sababli men shuncha vaqtdan beri o‘ynashga muvaffaq bo‘ldim.
Men jamoada eng yoshi kattasiman va yosh futbolchilarga o‘rnak bo‘lishga harakat qilaman. Hamma narsani to‘g‘ri qilishga va ular o‘rganishi mumkin bo‘lgan narsalarni ko‘rsatishga harakat qilyapman. Bu juda muhim — men ularga yordam berishim kerak. Men buni maydonda ham, maydondan tashqarida ham amalga oshiryapman, keyingisi esa ularning o‘rganishni xohlash-xohlamasligiga bog‘liq. Biz bir jamoamiz, bir oilamiz va maqsadlarimizga birgalikda erishishimiz kerak", — dedi Mxitaryan. Uning so‘zlarini jurnalist Djanluka Di Marsio sayti keltirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq "Inter" 37 yoshli armanistonlik yarim himoyachi bilan shartnomani 2027 yilning 30 iyuniga qadar uzaytirganini e’lon qilgan edi.
O‘tgan mavsumda Mxitaryan barcha turnirlarda 39 ta o‘yin o‘tkazib, to‘rtta gol urdi va ikkita golli uzatmaga mualliflik qildi.













