«Real Madrid» «RB Leypsig»ning 19 yoshli vingeri Yan Diomandening transferini amalga oshirganidan so‘ng, futbolchi Germaniya klubi va uning muxlislariga xayrlashuv va minnatdorlik murojaatini yo‘lladi.
Madridliklar Kot-d’Ivuar terma jamoasi a’zosini 125 million yevro va yana 15 million yevro bonuslar evaziga sotib olishdi. Bu transfer Afrika futboli tarixidagi hamda «Real Madrid»ning eng qimmat xaridlaridan biriga aylandi. Futbolchi Ispaniya giganti bilan 2033 yilning yozigacha mo‘ljallangan 7 yillik shartnoma imzoladi.
«Men «RB Leypsig»dan juda minnatdorman. Klub va uning rahbariyati bir yil oldin, hali professional darajada bor-yo‘g‘i bir nechta o‘yin o‘tkazgan vaqtimdayoq menga ishonishgan edi. ular menga ishonch bildirishdi va eng yuqori darajada o‘zimni ko‘rsatishim uchun imkoniyat berishdi.
Men Yevropaning yetakchi ligalaridan birida mustahkam o‘rnashib olishga, Kot-d’Ivuar terma jamoasidan joy olishga va o‘z mamlakatim sharafini eng yirik turnir — Jahon chempionatida himoya qilishga erishdim. Bularning bari «RB Leypsig»siz imkonsiz bo‘lardi va men bu uchun bir umr minnatdor bo‘lib qolaman.
«Real»ga o‘tish — bu bolalikdagi orzumning ro‘yobga chiqishidir. Shartnomam bo‘lishiga qaramay, ushbu transferni amalga oshirishga sharoit yaratib berganlari uchun «RB Leypsig» rahbariyatidan alohida minnatdorman.
Muxlislarga esa eng boshidanoq ko‘rsatgan ajoyib qo‘llab-quvvatlovi uchun rahmat aytaman. Sizning ishtiyoqingiz, menga bo‘lgan ishonchingiz va mehringiz so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan darajada qadrli edi. Menga ko‘rsatgan mehr-muhabbatingiz uchun hamisha minnatdorman.
Bugun yangi sahifa ochilmoqda. Xayrlashish hech qachon oson kechmaydi, lekin men oldinda meni nimalar kutayotganini intiqlik bilan kutyapman va «Leypsig»da o‘tkazgan davrimni hamisha katta faxr bilan eslayman.
Bu klub yuragimda har doim alohida o‘rin tutadi va men uning rivojlanishini sinchkovlik bilan kuzatib boraman. Kim biladi deysiz? Bilmadim, balki kunlarning birida Chempionlar Ligasida yana to‘qnash kelarmiz.
Barchasi uchun rahmat!», — deb yozdi Diomande.













