"Surxon" klubi bosh murabbiyi Anvar G‘ofurov Superliganing 16-turi doirasida bo‘lib o‘tgan "Navbahor"ga qarshi o‘yin borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
— Bugungi uchrashuv haqida fikrlaringiz?
— O‘yin qiziqarli va muxlislar uchun ham manzur bo‘lgan bahs bo‘ldi, deb o‘ylayman. “Navbahor” jamoasi ham yaxshi shakllangan, tajribali murabbiyga ega va o‘ziga xos o‘yin uslubiga ega jamoa. Bizning ham o‘zimizga yarasha o‘yin falsafamiz bor va bugun uni amalda namoyish etishga harakat qildik.
Balki, butun uchrashuv davomida rejalashtirganimizdek o‘yin ko‘rsatish har doim ham o‘xshamagandir. Shunga qaramay, futbolchilarga e’tirozim yo‘q. Yigitlar juda ko‘p mehnat qilishdi, katta kuch va energiya sarflashdi. Umuman olganda, bugungi bahsda ular yaxshi o‘yin namoyish etishdi, deb hisoblayman.
Uchrashuvning qolgan jihatlariga kelsak, tegishli masalalarni PFL vakillari o‘zlari ko‘rib chiqishadi, deb o‘ylayman.
— O‘tgan uchrashuvga qaraganda, bugun “Surxon”ga nima yetishmadi, deb o‘ylaysiz?
— Jamoani ko‘plab futbolchilar tark etgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, yosh futbolchilar ham tarkibga kirib kelishmoqda va ularga katta yuklama tushmoqda. So‘nggi to‘rtta uchrashuv davomida deyarli rotasiya qilish imkoniyatimiz bo‘lmadi. Tabiiyki, bugungi uchrashuvda futbolchilarda charchoq sezildi.
Shunga qaramay, yigitlar o‘z ustilarida ishlashmoqda va ularga qo‘yilayotgan talablar ham yuqori. Shu sababli imkon qadar rotasiya qilishga harakat qildik va boshqa yosh futbolchilarga ham imkoniyat berdik.
Menimcha, bugungi uchrashuvda ular o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsatishga harakat qilishdi. Ko‘plab vaziyatlarda ularning xatti-harakatlari bizni qoniqtirdi.
Kelgusi uchrashuvlarda ham rotasiyalarga murojaat qilishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki taqvim juda zich, uchrashuvlar soni ko‘p. Bunday vaziyatda futbolchilarning jismoniy holatini hisobga olish va ularga imkon qadar dam berish ham muhim.
— Jamoaning o‘yingohdagi ayni vaziyati qanday?
— Afsuski, ayrim insonlar tomonidan muxlislarga noto‘g‘ri ma’lumotlar berilayotgani va ularning g‘azabini qo‘zg‘atuvchi turli fikrlar bildirilayotganini ko‘rib turibmiz.
Stadionimizdagi maydon hali to‘liq tayyor bo‘lmaganidan keyin, biz qayerda o‘ynashimiz kerak? Biz ham, albatta, o‘z muxlislarimiz qarshisida, sifatli maydonda futbol o‘ynashni xohlaymiz.
Oddiy misol: bugungi uchrashuvni aslida Termizda o‘tkazishimiz kerak edi, ammo Namanganda o‘ynadik. Biz uchun besh ming yoki o‘n besh ming muxlis bizni qo‘llab-quvvatlaydigan maydonda o‘ynash ma’qulmi yoki raqib jamoaning maydoniga kelib, nominal mezbon sifatida harakat qilishimiz ma’qulmi?
Bugungi uchrashuvda ham stadionda 20 mingga yaqin muxlis bo‘ldi va ularning aksariyati “Navbahor”ni qo‘llab-quvvatladi. Bunday vaziyatda o‘ynash biz uchun oson bo‘lmagan, albatta.
Menimcha, bu masalani tushunish uchun ortiqcha murakkab fikrlashning hojati yo‘q. Biz ham o‘z muxlislarimiz qarshisida, o‘z uyimizda o‘ynashni istaymiz. “O‘z uyingda devorlar ham yordam beradi”, degan naql bejiz aytilmagan. Bu gap yillar davomida o‘z tasdig‘ini topib kelmoqda.
Biz ham o‘z maydonimizda o‘ynashni xohlaymiz. Lekin vaziyatni to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Termiz Respublikamizning eng issiq hududlaridan biri hisoblanadi. Buni ham inobatga olish lozim.
Oddiy misol sifatida Toshkentdagi “Paxtakor” markaziy o‘yingohini olaylik. Ob-havo sharoiti biroz farq qiladigan Toshkentda ham uch oy ichida maydon maysasi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganini ko‘rdik. Termizda esa harorat Toshkentga qaraganda ancha yuqori. Bu tabiiy jarayon va hammasi ham bizning qo‘limizda emas.
Shuning uchun turli shov-shuvli gaplarni tarqatishdan oldin vaziyatga xolis va sovuqqonlik bilan yondashish kerak, deb hisoblayman.
Agar biz Toshkentda yoki boshqa shaharda o‘ynayotgan bo‘lsak, bu borada bildirilayotgan e’tirozlarni ma’lum darajada tushunish mumkin. Ammo biz allaqachon safarda o‘ynayapmiz: Samarqandga bordik, Namanganga keldik. Buning sababi — o‘z stadionimizdagi maydonning hali tayyor emasligi.
Keyingi tur uchrashuvlarini ham Toshkentda o‘tkazamiz. Ammo bu ham biz uchun o‘z uyimiz emas. Maydon holati talab darajasida bo‘lganida, albatta, Termizda o‘ynagan bo‘lardik.
Aytdim, maydon holatini yaxshilash bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Lekin bunday jarayon bir kunda hal bo‘ladigan masala emas. Bu vaqt va mehnat talab qiladi. Hatto katta mablag‘ sarflanayotgan stadionlarda ham tabiiy maydonni talab darajasiga keltirish oson emasligini ko‘rib turibmiz.
Shu sababli bunday masalalarda vaziyatni to‘g‘ri tushunish, xolis va sovuqqon fikrlash lozim. Reyting yoki ko‘proq e’tibor olish maqsadida turli noto‘g‘ri va asossiz gaplarni tarqatish, menimcha, vaziyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Bizning asosiy istagimiz — o‘z muxlislarimiz qarshisida, o‘z uyimizda va yaxshi maydonda futbol o‘ynash. Buning uchun barcha sharoitlar imkon qadar tezroq yaxshilanishiga umid qilamiz.













