Milanning «Inter» klubi yarim himoyachisi Xakan Chalxano‘g‘li klubdagi kelajagi haqidagi savolga javob berdi.
32 yoshli futbolchining amaldagi mehnat shartnomasi keyingi yilning o‘rtalarida yakuniga yetadi. Turkiyalik xavbek shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanini tan oldi.
«Menga «Inter»da o‘ynash va Milanda yashash yoqadi. Menga ham, oilamga ham bu yerda juda yaxshi. Ammo hamma narsa ham menga bog‘liq emas. Men klubdan qo‘ng‘iroq kutyapman. Hozircha muzokaralar olib borilmayapti. Ko‘ramiz, nima bo‘larkan», – dedi Chalxanoglu La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida.
O‘tgan mavsumda futbolchi «neradzurri» safida 30 ta o‘yinda maydonga tushib, 12 ta gol urdi va 7 marotaba jamoadoshlariga assistentlik qildi.













