Ukrainalik vinger Mixail Mudrik doping tufayli olingan diskvalifikasiya bekor qilingach, «Chelsi» bilan mashg‘ulotlarga qaytdi. Endilikda hujumchida faoliyatini davom ettirish uchun turli variantlar paydo bo‘lmoqda.
Mashhur insayder Fabrisio Romanoning xabar berishicha, «ko‘klar» rahbariyati Mudrikni optimal sport formasiga kirib olishi va muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun ijaraga berishga tayyor. Ta’kidlanishicha, ushbu transfer oynasida 25 yoshli forvard Fransiyaning «Strasburg» klubiga yoki Italiya chempionati jamoalaridan biriga yo‘l olishi mumkin. Futbolchining o‘zi esa Angliya Premyer-ligasida qolishni afzal ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Mudrikning «Chelsi» bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2031 yilgacha mo‘ljallangan.













