Ferran Torresning «PSJ»ga o‘tishi «Barselona»ning transfer bozoridagi imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirdi, deb xabar beradi Diario Sport.
Kataloniya klubi hujumchini deyarli 50 million yevroga sotdi. Ushbu bitim «Barselona» tarixidagi beshinchi eng yirik sotuvga aylandi.
2022 yilning yanvar oyida Ferran 55 million yevro evaziga sotib olingan va u bilan 2027 yilning yozigacha shartnoma imzolangan edi. Uning yillik amortizasiyasi 10 million yevroni tashkil etgani sababli, sotuv vaqtida klub hisobotida aynan shuncha summa qolgan edi.
Shu tariqa, «Barselona» ushbu transferdan taxminan 40 million yevro sof foyda oldi. Shunga qo‘shimcha ravishda, klub shartnomaning oxirgi yili uchun futbolchining maoshidan taxminan 10 million yevro iqtisod qildi. Umumiy hisobda Torresning ketishi moliyaviy feyr-pley (FFP) doirasida 50 million yevroni bo‘shatdi.
Manbaning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rodrini 70 million yevrolik transfer va to‘rt yillik shartnoma bilan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun «Barselona»ga taxminan 37,5 million yevro kerak bo‘ladi. Karim Adeyemini ro‘yxatdan o‘tkazish esa yana 16,4 million yevroga tushadi. Demak, Ferranning sotuvi ikki futbolchi uchun talab etiladigan umumiy 53,9 million yevrolik moliyaviy yuklamani deyarli to‘liq qoplaydi.













