Ispaniyalik yarim himoyachi Rodri Ernandes «Manchester Siti»ni tark etib, «Barselona» safiga qo‘shildi.
Insayder Fabrisio Romanoning ma’lum qilishicha, 30 yoshli futbolchi kataloniyaliklar bilan 2030 yil iyuniga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzolagan.
Avvalroq Rodrining transferi «Barselona»ga 60 million yevro va qo‘shimcha bonuslarga tushishi xabar qilingandi. Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, yarim himoyachi yangi jamoasida bir mavsum uchun 15 million yevro maosh oladi.
Rodri «Manchester Siti» safida jami 298 ta o‘yinda maydonga tushib, 28 ta gol urgan va 32 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
«Barselona» yangi mavsumdagi ilk rasmiy uchrashuvini 23 avgust kuni o‘tkazadi. La Liganing birinchi turida kataloniyaliklarga «Elche» raqiblik qiladi.













