"Liverpul", "Everton" va "Lids Yunayted" "Midtyullann"ning chililik vingeri Dario Osorioga qiziqish bildirmoqda.
Daniyaning Campo nashri ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli futbolchi uchun kurashda "Arsenal" va "Kristal Pelas" ham ishtirok etmoqda. "Midtyullann" Osorioni taxminan 20 mln yevroga baholagan va bir nechta klubning qiziqishi transfer narxini oshirishiga umid qilmoqda.
Osorio 2023 yilda "Universidad de Chili"dan Daniya klubiga o‘tgan. U "Midtyullann" safida 117 ta o‘yinda 23 ta gol urib, 18 ta golli uzatma bergan. O‘tgan mavsumning o‘zida esa 8 ta gol va 10 ta assist qayd etgan.
Chililik futbolchi yaqinda klub bilan shartnomasini 2030 yilga qadar uzaytirgan. Unga Angliya va Italiya klublaridan tashqari Ispaniya, Germaniya va Turkiya jamoalari ham qiziqish bildirmoqda.
Ayni paytda "Liverpul" o‘ng qanot uchun asosiy nomzod sifatida "PSJ" futbolchisi Ibrohim Mbayeni ko‘rib chiqmoqda. Shu sabab Osorio uchun kurashda "Everton" va "Lids"ning imkoniyati yuqoriroq bo‘lishi mumkin.













