«Shaxtyor» 2026/27 yilgi mavsumda Chempionlar ligasidagi uy uchrashuvlarini Londondagi «Stemford Brij» stadionida o‘tkazadi. Bu haqda «Chelsi» rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Ukrainadagi vaziyat tufayli Donesk klubi xalqaro musobaqalardagi uy o‘yinlarini mamlakat tashqarisida o‘tkazishda davom etmoqda. Yangi mavsumda «Shaxtyor» uchun «Chelsi»ning uy stadioni vaqtinchalik maydon vazifasini bajaradi.
«Yaqin haftalarda «Shaxtyor» bilan yaqin hamkorlikda ishlab, ularning jamoasi va muxlislari uchun uchrashuvlarni xavfsiz o‘tkazishni ta’minlaymiz», — deyiladi «Chelsi» bayonotida.
«Shaxtyor» Chempionlar ligasining umumiy bosqichida jami sakkizta o‘yin o‘tkazadi. Shulardan to‘rttasi «Stemford Brij»da bo‘lib o‘tadi.
«Chelsi» esa 2026/27 yilgi mavsumda yevrokuboklarda ishtirok etmaydi. Londonliklar o‘tgan mavsum Angliya Premyer-ligasini 10-o‘rinda yakunlagan.













