«Aston Villa» yarim himoyachi Leon Goreskani o‘z safiga qo‘shib olish borasida ish olib bormoqda.
Transfer insayderi Fabrisio Romano ma’lumotiga ko‘ra, 31 yoshli germaniyalik futbolchi «Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri bilan muzokara o‘tkazgan. Ushbu suhbat futbolchining Birmingem klubiga ehtimoliy o‘tishi yo‘lida muhim qadam bo‘lgan. Yaqin vaqt ichida Goreska «Aston Villa»ga yakuniy javobini berishi kutilmoqda.
Germaniyalik futbolchi hozirda erkin agent maqomida. U «Bavariya» bilan shartnomasi yakunlanganidan so‘ng Myunxen klubini tark etdi. Goreska sakkiz yil davomida «Bavariya» sharafini himoya qildi. U klub bilan yetti marta Bundesligada g‘olib chiqqan va 2019/20 yilgi mavsumda Chempionlar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan.













