«Barselona» Germaniyaning «Shtutgart» klubi yarimhimoyachisi Mirza Katovich transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Insayder Fabrisio Romano ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar bitimni yakunlagan — Here we go.
19 yoshli futbolchi Kataloniya klubiga ijara asosida o‘tadi. Shartnomada keyinchalik uning transfer huquqini sotib olish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan. SER Catalunya ma’lumotiga ko‘ra, ijara bir mavsumga mo‘ljallangan, sotib olish opsiyasi esa futbolchining «Barsa Atletik»da belgilangan sport ko‘rsatkichlariga erishishiga bog‘liq bo‘ladi.
Katovich 31 avgust kuni Barselonaga yo‘l olishi va barcha rasmiy jarayonlardan so‘ng «Barsa Atletik» tarkibiga qo‘shilishi kutilmoqda.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, 190 santimetr bo‘yga ega futbolchi asosan tayanch yarimhimoyachisi sifatida harakat qiladi, markaziy yarim himoyada ham o‘ynay oladi. Uning «Shtutgart» bilan shartnomasi 2028 yil yozigacha amal qiladi, bozor qiymati esa 4 mln yevro atrofida baholangan.
Katovich «Shtutgart»ning ikkinchi jamoasida Germaniya 3-ligasida 45 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urgan. Shuningdek, u Germaniya U-19 terma jamoasi sharafini ham himoya qilgan.
Sky Sport iyul oyidayoq «Shtutgart» futbolchiga ko‘proq o‘yin amaliyoti olishi uchun klubni tark etishga ruxsat berishga tayyor ekanini xabar qilgandi. Endi Katovich faoliyatini «Barselona» tizimida davom ettiradi.













