«Xetafe» darvozaboni David Soriya La Liga tarixida ketma-ket eng ko‘p uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagan futbolchiga aylandi. Bu haqda Marca xabar berdi.
Golkiper Ispaniya chempionatining 3-turida «Osasuna»ga qarshi o‘yinda dastlabki daqiqalardan maydonga tushdi. «Xetafe» 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan ushbu bahs Soriya uchun La Ligadagi ketma-ket 193-start bo‘ldi.
Shu tariqa, u «Real Sosyedad» sobiq yarim himoyachisi Xuan Larranyagiga tegishli bo‘lgan 192 ta o‘yinlik rekordni yangiladi.
Soriyaning bu seriyasi 2021 yil 13 avgust kuni «Valensiya»ga qarshi uchrashuvdan boshlangan. Darvozabon Ispaniya chempionatida so‘nggi bor 2020/21 yilgi mavsumning oxirgi turida zaxirada qolgan edi.
Shuningdek, David Soriya «Xetafe» tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar ro‘yxatida ham yuqori o‘rinda bormoqda. U klub safida 306 ta uchrashuvda maydonga tushgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha 4-o‘rinni egallab turibdi.
Klub rekordi esa 335 ta o‘yin o‘tkazgan Kabalyeroga tegishli.













