«Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik Ispaniya La Ligasining 3-turida «Rayo Valyekano» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng fikr bildirdi.
Uchrashuv kataloniyaliklarning 5:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. «Ko‘k-anorranglilar» safida Rafinya va Lamin Yamal ikkitadan gol urdi. Yana bir gol «Rayo Valyekano» himoyachisining o‘z darvozasiga to‘p kiritib yuborishi natijasida qayd etildi.
«Bugun meni xursand qilgan juda ko‘p narsalar bo‘ldi. Ayrim futbolchilar jamoaga endigina kelgan bo‘lishiga qaramay, juda yaxshi darajada harakat qilmoqda. Jamoaviy ruh ham ajoyib. Ayrim vaziyatlarda o‘yinimizni yaxshilashimiz kerak va biz buning ustida ishlaymiz», — deya Flikning so‘zlarini Marca nashri keltiradi.
«Barselona» navbatdagi uchrashuvini 6 sentyabr kuni o‘tkazadi. Flik shogirdlari safarda «Valensiya»ga qarshi maydonga tushadi.













