Bukayo Sakaning goli o‘tgan dam olish kunlari «Arsenal»ga «Aston Villa» ustidan g‘alaba keltirdi. Shu bilan birga, yosh hujumchi klub tarixida o‘tgan asr oxirlarida porlagan Ian Raytning natijasini ham ortda qoldirdi.
Gap shundaki, Sakaning Angliya Premyer-ligasida urgan gollari va golli uzatmalari «Arsenal»ga jami 82 ochko olib kelgan.
Ian Raytda bu ko‘rsatkich 80 ochkoni tashkil etadi va u endi, tabiiyki, natijasini yaxshilay olmaydi.
Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Sakadan oldinda faqat uch futbolchi bor. Tyerri Anrining gol va assistlari «Arsenal»ga 160 ochko keltirgan. Keyingi o‘rinda 112 ochko bilan Dennis Bergkamp, undan so‘ng esa 92 ochko bilan Robin van Persi bormoqda.
2018 yildan buyon «Arsenal» sharafini himoya qilib kelayotgan Saka endi ushbu ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.













