Professional boksning super o‘rta vazn toifasi vakili, o‘zbekistonlik Bektemir Meliqo‘ziyev WBA yo‘nalishida chempionlik jangi o‘tkazishni talab qilmoqda. Bu haqda sportchi ijtimoy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirdi.
“Men WBA yo‘nalishida 12 ta jang o‘tkazdim. Shulardan 4 tasi da’vogarlik maqomidagi janglar bo‘ldi. Menga chempionlik to‘qnashuvi va’da qilingan edi. Lekin haligacha bu jang yo‘q. Oldin Resendis, endi esa Munguya. Nimalar bo‘lyapti? Meksikalik raqib bo‘ladimi yoki boshqasimi — men tayyorman. Turki al ash-SHayx ham haqiqiy janglarni xohlaydi. Men haqiqiy jangchiman. Golden Boy va Oskar de la Hoyadan ham so‘ramoqchiman: nega va’da qilingan jang haligacha yo‘q?” deydi Meliqo‘ziyev.
Ma’lumot uchun, “Bek Bully” WBA reytingining birinchi pog‘onasidan joy olgan. O‘zbekistonlik bokschi so‘nggi jangida ganalik Sena Agbekoni texnik nokaut bilan mag‘lub etib, WBA qit’alararo chempionlik kamarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu uning professional faoliyatidagi 17-g‘alabasi bo‘ldi. Meliqo‘ziyev hisobida bitta mag‘lubiyat mavjud. Ushbu vazn toifasining amaldagi chempioni meksikalik Xayme Munguya sanaladi.
30 yoshli charm qo‘lqop ustasi prof boks bo‘yicha sobiq Jahon chempioni Oskar de la Hoyaga tegishli bo‘lgan Golden Boy promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda.













