"Yuventus" himoyachisi Federiko Gatti uchun "Portu"dan tushgan birinchi taklifni rad etdi. Bu haqda transfer jurnalisti Alfredo Pedulla xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Portugaliya klubi 27 yoshli futbolchini keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga olishni taklif qilgan.
Biroq bunday formula "Yuventus"ni qoniqtirmagan. Turin klubi Gattini to‘liq sotish yoki majburiy sotib olish sharti kiritilgan ijara variantini ko‘rib chiqishga tayyor.
Futbolchining o‘zi esa jamoada himoyachilar o‘rtasidagi raqobatda orqaga tushib qolganidan keyin "Yuventus"ni tark etishni istamoqda.
Xabarlarga ko‘ra, Gatti "Portu"da Franchesko Farioli qo‘l ostida ishlash va muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish imkoniyatiga qiziqmoqda.
Shuningdek, himoyachiga "Galatasaroy" hamda Saudiya Pro-ligasining klublaridan biri ham qiziqish bildirmoqda.
Portugaliyada transfer oynasi 5 sentyabrga qadar ochiq bo‘lgani sabab, Gattining kelajagi bo‘yicha yaqin kunlarda yangi muzokaralar bo‘lishi mumkin.













