Fransiyaning «Lans» klubi X ijtimoiy tarmog‘ida polyak himoyachisi Mayk Navroskiyning jarohati haqida ma’lum qildi. Futbolchi Fransiya chempionatining 2-turidan o‘rin olgan «Strasburg»ga qarshi uchrashuvning 62-daqiqasida almashtirilgan edi. Bahs «Lans»ning 1:2 hisobidagi mag‘lubiyati bilan yakunlandi.
«Tezroq sog‘ayib ket, Mayk. Mayk Navroskiy jiddiy jarohat oldi — uning tizzasidagi old xochsimon bog‘lam to‘liq uzilgan va endi u jarrohlik amaliyotini boshdan kechiradi. Butun klub himoyachimizni qo‘llab-quvvatlamoqda va unga tezroq sog‘ayib, safga qaytishini tilaydi», — deyiladi «Lans» xabarida.
Joriy mavsumda 25 yoshli Mayk Navroskiy Fransiya chempionatida ikkita o‘yinda maydonga tushdi. U hozircha gol yoki golli uzatma bilan ajralib turgani yo‘q.
Transfermarkt portali polyak himoyachisining transfer qiymatini 1,5 million yevroga baholamoqda.













