«Tottenxem»ning sobiq yarim himoyachisi Iv Bissuma «Chelsi»ga taklif qilindi. Bu haqda The Sun nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 30 yoshli Mali terma jamoasi futbolchisi Enso Fernandesning o‘rniga munosib nomzod sifatida ko‘rilmoqda. «Chelsi» argentinalik futbolchini sotganidan so‘ng uning o‘rniga yangi yarim himoyachi xarid qila olmadi.
Angliyada transfer oynasi allaqachon yopilgan bo‘lsa-da, Bissuma yozda «Tottenxem»ni tark etgan va ayni paytda erkin agent maqomiga ega. Shu bois «Chelsi» uni transfer oynasidan tashqarida ham o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin.
Shuningdek, Bissumaga «Ayaks» va «Monako» tomonidan ham qiziqish borligi qayd etilmoqda. Biroq futbolchining o‘zi faoliyatini Angliyada davom ettirishni istamoqda.
Iv Bissuma 2022 yildan buyon «Tottenxem» sharafini himoya qilib kelgan. U londonliklar safida barcha musobaqalarda 111 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urgan.













