«Liverpul»ning sobiq himoyachisi Jeymi Karrager «Arsenal» vingeri Bukayo Sakaning faoliyati qay yo‘nalishda rivojlanishi kerakligi haqida fikr bildirdi.
«Tyerri Anri unga bu mavsumda 15 ta gol urish va 15 ta golli uzatma amalga oshirish vazifasini qo‘ygani bejiz emas.
Anri «Arsenal» hujumchisining ustozi sifatida, agar Saka bunday yuqori natijalarga erishishga tayyor ekaniga ishonmaganida, unga omma oldida bunday chaqiriq tashlamagan bo‘lardi.
Angliya Premyer-ligasining 38 turlik mavsumida faqat uch nafar futbolchi 15 tadan gol va golli uzatma qayd etgan: Tyerri Anri, Eden Azar va Muhammad Saloh. Saloh «Liverpul» 2024/25 yilgi mavsumda chempion bo‘lganida 29 ta gol urib, 18 ta golli uzatma amalga oshirgan.
Sakaning «Arsenal» safidagi eng samarali mavsumlari 2022–2024 yillar oralig‘iga to‘g‘ri kelgan. U o‘sha mavsumlarda «gol+pas» tizimi bo‘yicha mos ravishda 26 va 28 ochko to‘plagan. O‘tgan mavsumda esa bu ko‘rsatkich 14 taga tushib qoldi.
Bu Sakaning faoliyati so‘nggi bir necha yilda biroz to‘xtab qolganini ko‘rsatadi. Dastlab bunga jarohatlar ham sabab bo‘lgan.
«Arsenal» jarima maydoni ichida va uning atrofida haqiqiy superyulduzga ega emas, degan tanqidlarni Saka o‘ziga nisbatan haqoratdek qabul qilishi kerak. Chunki u klubi uchun juda ko‘p ish qildi. «Aston Villa» darvozasiga urgan goli uning klub va terma jamoa miqyosidagi 100-goli bo‘ldi. Eng yaxshi yillari hali oldinda bo‘lishi mumkin bo‘lgan futbolchi uchun bu har qanday o‘lchovda katta natija.
Saka 2023 yilda Angliya futbol assosiasiyasi talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilganidan keyin, undan dunyoning eng xavfli hujumchilaridan biriga aylanishi kutilgandi. Yosh futbolchining dastlabki keskin o‘sishdan keyin ma’lum muddat to‘xtab qolishi esa oddiy hol.
Sakaning oldida shaxsiy katta maqsadlarga erishish uchun kamida yana olti yil bor. Agar u bunga erishsa, bu hozirgi «Arsenal»ning qiyofasini ham o‘zgartiradi.
Saka nima uchun o‘z oldiga Koul Palmer emas, aynan u o‘z avlodining eng yorqin ingliz hujumkor futbolchisi deb atalishi kerak, degan maqsadni qo‘ymasligi kerak?» — dedi Karrager.













