“Paxtakor” bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev O‘zbekiston Superligasining 19-turidan o‘rin olgan “Andijon”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoa himoyachisi Muhammadrasul Abdumajidovning Fransiyaning “Brest” klubiga o‘tayotganini rasman ma’lum qildi.
Murabbiyning ta’kidlashicha, ushbu transfer bo‘yicha barcha hujjatlar rasmiylashtirib bo‘lingan.
“Abdumajidov 1-yanvardan e’tiboran 'Brest' a’zosiga aylanadi, shartnoma imzolangan. Shunchaki, Muhammadrasulning o‘zi hozircha jamoada qolib, bizga yordam berishni istadi. Agar ular taklif xatini ertaroq yuborishganida, balki uni o‘shanda Fransiyaga kuzatib qo‘ygan bo‘lardik. Eslasangiz, o‘tgan yili ham Muhammadali O‘rinboyevni Belgiya jamoasiga bergandik”, dedi mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Brest” himoyachini keyinchalik to‘liq sotib olish huquqi bilan bir yillik ijaraga so‘ragani haqida xabar berilgan edi. Biroq o‘shanda “Paxtakor” rahbariyati hamda murabbiylar shtabi bunga qarshilik ko‘rsatgan va taklifni rad etgan.
Endilikda qishda amalga oshishi kutilayotgan ushbu kelishuv O‘zbekiston chempionatidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yevropaning kuchli beshlik (top-5) ligalariga amalga oshirilgan ilk tarixiy transfer sifatida qayd etilishi mumkin.
Muhammadrasul Abdumajidov “Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2023-yildan buyon “sherlar”ning asosiy jamoasida to‘p surib kelmoqda. Uning “Paxtakor” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilning oxiriga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali iqtidorli himoyachining bozor qiymatini hozirda 600 ming yevroga baholamoqda.













