«Barselona»ning qishki transfer oynasida tarkibni kuchaytirish uchun qancha mablag‘ sarflashi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.
Diario Sport xabariga ko‘ra, moliyaviy feyr-pley qoidalari Kataloniya klubiga yanvar oyida taxminan 60 million yevro ishlatish imkonini beradi. Biroq «Barselona» bu mablag‘ni yangi futbolchilar xaridiga sarflashga shoshilmayapti.
La Liganing maxsus qoidasiga muvofiq, klub ushbu pulni maoshlar jamg‘armasini oshirishga yo‘naltirishi ham mumkin. «Barselona» so‘nggi bir necha yildan buyon futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish va maoshlar limiti bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.
Shu bilan birga, bosh murabbiy Xans-Diter Flik yozda yangi markaziy himoyachi xarid qilishni istagani, ammo klub bu vazifani amalga oshira olmagani ta’kidlanmoqda. Sport direktori Deku yanvar oyida ushbu masalaga yana qaytishi mumkin.
«Barselona» La Liganing dastlabki to‘rtta turida 12 ochko to‘plab, musobaqa jadvalida peshqadamlik qilmoqda.













