«Barselona» hujumchisi Rafinya Dias Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 1-turida «Feyenoord»ga qarshi o‘yinda (5:1) dubl qayd etdi.
Braziliyalik futbolchi chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvning 3 va 57-daqiqalarida gol urdi. Shu tariqa Rafinya «Barselona» safida Chempionlar ligasida urgan gollari soni bo‘yicha vatandoshi Neymarga tenglashdi — har ikki futbolchining hisobida 21 tadan gol bor.
Biroq Rafinya bu natijaga Neymardan olti o‘yin kam o‘tkazib erishdi: Rafinyaga 34 ta uchrashuv kifoya qilgan bo‘lsa, Neymar bu ko‘rsatkichga 40 ta o‘yinda erishgan.
Rafinya 2022 yil yozida «Lids»dan «Barselona»ga o‘tgan. Neymar esa 2013 yildan 2017 yilgacha Kataloniya klubi sharafini himoya qilgan.













