«Barselona»ning braziliyalik hujumchisi Rafinya Dias klub bilan yangi shartnoma tuzishi mumkin. Bu haqda Barça Universal boshqa manbalarga tayanib xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, «ko‘k-anorranglilar» allaqachon Rafinya bilan yangi shartnoma borasida ish olib bormoqda. Tomonlar muzokaralar o‘tkazmoqda. Hujumchi klubda qolish uchun Saudiya Arabistonidan tushgan serdaromad takliflarni ham rad etgan.
Joriy mavsumda Rafinya markaziy hujumchi pozisiyasida harakat qilmoqda. U barcha turnirlardagi beshta uchrashuvda 8 ta gol va 1 ta golli uzatma qayd etgan.
29 yoshli braziliyalik futbolchining «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil iyun oyi oxiriga qadar mo‘ljallangan.













