"Real" yarim himoyachisi Federiko Valverde Ispaniya chempionatining 6-turida "Elche" ustidan 3:2 hisobida qozonilgan g‘alabadan so‘ng jamoaning "Atletiko"ga qarshi derbi oldidan kayfiyati haqida fikr bildirdi.
"Bu g‘alabadan juda xursandmiz. O‘yinning birinchi bo‘limi mavsumdagi eng yaxshi taymlarimizdan biri bo‘ldi. Natijadan ham, g‘alabaga qanday erishganimizdan ham mamnunmiz.
Jamoadan xursandman, chunki, menimcha, sheriklarim juda yaxshi o‘yin o‘tkazdi. Ayniqsa, kerakli paytda o‘zini ko‘rsatgan gol mualliflari uchun xursandman.
"Atletiko" bilan derbi? Bizda katta xohish, energiya va ishtiyoq bor. Keyingi uchrashuvga yaxshi kayfiyatda borish uchun bugun g‘alaba qozonish juda muhim edi.
Jamoaning hozirgi o‘yinidan va futbolchilarning maydonda o‘zini qanday ko‘rsatayotganidan mamnunmiz. Zaxiradan maydonga tushayotgan o‘yinchilar biz uchun juda muhim. Bugun ular o‘yin borishini o‘zgartirishdi", — deya Valverdening so‘zlarini keltiradi "Real" rasmiy sayti.
La Liganing 7-turidan o‘rin olgan "Atletiko" — "Real" derbisi 20 sentyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 19:15 da boshlanadi.













