Djeyms Milner «Liverpul»ga qaytib, murabbiylik tajribasini oshirish uchun klub akademiyasiga qo‘shildi, xabar beradi The Athletic.
Yarim himoyachi pozisiyasida to‘p surgan 40 yoshli angliyalik futbolchi 24 yillik professional faoliyatini 2026 yilning yozida yakunlagan edi.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Milner UEFA Pro murabbiylik lisenziyasini olish ustida ishlamoqda va «Liverpul» akademiyasi direktori Aleks Ingltorp tomonidan taklif etilgan. Norasmiy kelishuv doirasida u muayyan bir yosh toifasidagi jamoani boshqarmaydi, balki akademiya murabbiylar shtabiga yordam beradi. O‘tgan dam olish kunlari u Kirkbidagi mashg‘ulot markazida 11 yoshgacha bo‘lgan jamoa bilan ishladi va o‘z ko‘nikmalarini rivojlantirib borishiga qarab, turli tarkiblar orasida faoliyat yuritishi kutilmoqda.
Milner «Liverpul»da 8 yil — 2015 yildan 2023 yilgacha to‘p surgan. Ushbu davr mobaynida u barcha turnirlarda 332 ta o‘yin o‘tkazib, Yurgen Klopp jamoasining muhim qismiga aylandi. U klub bilan 2019 yilda Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi, keyingi yili esa «Liverpul»ga Premyer-liga titulini qo‘lga kiritishda yordam berdi. Uning yutuqlari qatorida UEFA Superkubogi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, Angliya Kubogi va Liga kubogi ham bor.
«Liverpul»dan tashqari Milner «Manchester Siti», «Aston Villa», «Nyukasl», «Lids» va «Brayton» jamoalarida o‘ynagan. «Brayton»da u Fabian Xyurseler qo‘l ostida ilk murabbiylik tajribasini orttirgan edi.













