«Barselona» hujumchisi Lamin Yamal jamoadoshi Rafinya va Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappening qaysi jihatiga havas qilishini aytdi.
— Boshqa futbolchilarda siz havas qiladigan nimadir bormi? Masalan, Mbappening tezligiga?
— Ha, menimcha, bu borada Mbappe va Rafinya men uchun namuna bo‘ladigan ikki futbolchi. Mashg‘ulotlarda Rafinya to‘pni oldinga biroz surib qo‘yib, keyin shunday tez yuguradiki, uni hatto uch kunda ham quvib yetib bo‘lmaydi. Mbappe ham xuddi shunday. Ikkalasi ham juda tezkor futbolchilar.
Biz Pedri bilan unchalik tezkor futbolchilar emasmiz va doimo «agar bizda ularnikidek tezlik bo‘lganida, futbolda hammadan yorug‘lik yillari oldinda bo‘lardik», deb hazillashamiz. Mbappening tezligiga Pedrining texnikasi qo‘shilsa, u qanday futbolchiga aylanishini tasavvur qiling. Menimcha, hech kim undan to‘pni tortib ololmasdi.
Menimcha, futbolda eng katta ahamiyatga ega jihat — tezlik. Axir, agar men sendan tezroq bo‘lsam, har doim manzilga birinchi bo‘lib yetib boraman va gol uraman, — deya Yamalning so‘zlarini Movistar keltirmoqda.













