«Yuventus»ning sobiq himoyachisi Leonardo Bonuchchi 2016 yilda «Manchester Siti»ga o‘tish imkoniyatini nega rad etganini so‘zlab berdi. O‘sha paytda Angliya klubi bosh murabbiyi Pep Gvardiola italiyalik futbolchini o‘z jamoasida ko‘rishga jiddiy qiziqqan.
«Mening o‘yin uslubimga eng mos murabbiy — Gvardiola. U bir necha hafta davomida menga katta qiziqish bildirdi. Ishoning, Gvardioladek murabbiy sizga shunchalik qiziqsa, bu alohida hissiyot beradi.
Bu voqealar Yevropa chempionati paytida sodir bo‘lgan. Men butun e’tiborimni turnirga qaratishim kerak edi, ammo shunga qaramay, o‘sha vaqtning o‘zida ham bu imkoniyatni muhokama qilgandik», — deya Bonuchchining so‘zlarini Goal keltirdi.
Shu bilan birga, himoyachi uchun «Yuventus»ni tark etish fikrini qabul qilish oson bo‘lmagan. Bonuchchi Turin klubi bilan Chempionlar ligasi finaliga chiqqan va jamoa bilan kuchli bog‘liqlikni his qilgan.
«Men uchun «Yuventus»dan ketish haqida o‘ylashning o‘zi og‘ir edi. Avvaliga «APL va Gvardiola — bu ajoyib imkoniyat», deb o‘ylardim. Ammo ertasi kuni doim «Yuventus»da o‘ynashni orzu qilganimni eslardim», — dedi u.
Bonuchchining yakuniy qaroriga oilasidagi vaziyat ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. O‘sha paytda uning ikki yoshli o‘g‘li Matteoda jiddiy kasallik aniqlangan edi.
«Matteoning kasalligi, shuningdek, klubni tark etishga 100 foiz ishonchim bo‘lmagani qarorimga ta’sir qildi. Ayniqsa, rahbariyat menga hatto juda katta taklif tushsa ham sotilmasligimni aytganidan keyin qolish tabiiy qarorga aylandi», — deya qo‘shimcha qildi Bonuchchi.
Leonardo Bonuchchi 2024 yilda professional futbolchilik faoliyatini yakunlagan. Hozirda u Italiya terma jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat olib bormoqda.













