2027 yil yanvar va fevral oylarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Osiyo Kubogida rekord darajadagi hakamlar guruhi faoliyat olib boradi. Ilk bor musobaqada 76 nafar hakam (bosh hakam, yordamchilar, nazoratchilar va VAR hakamlari) ishlaydi. Bu haqida Osiyo futbol konfederasiyasi xabar qildi.
Mazkur musobaqaga taklif etilgan hakamlar orasida o‘zbekistonliklar ham bor. Jumladan, Ilgiz Tantashev va Asker Najafaliyev bosh hakam sifatida Osiyo Kubogi o‘yinlarini boshqarib boradi.
Timur Gaynullin, Andrey Sapenko, Baxtiyorxo‘ja Shavkatov esa yordamchi hakam sifatida ishlaydi. Firdavs Norsagarov VAR hakami sifatida musobaqaga boradi.
Shuningdek, o‘zbekistonlik yana bir mutaxassis Valentin Kovalenko nazoratchi (texnik instruktor) sifatida Osiyo Kubogiga taklif etilgan.
Osiyo Kubogida faoliyat olib boradigan rasmiy shaxslar ro‘yxati bilan mana bu havola orqali tanishish mumkin.
Osiyo Kubogi 7 yanvardan 5 fevralga qadar Saudiya Arabistonida o‘tkaziladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi musobaqaning B guruhidan joy olgan bo‘lib, guruhdan chiqish uchun Bahrayn, Shimoliy Koreya va Iordaniyaga qarshi bahs olib boradi.













