Braziliya va Avstraliya terma jamoalari Taunsvillda o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Bahs natijasidan ko‘ra, maydonning sifati ko‘proq muhokama qilindi.
Rayan uchrashuvning so‘nggi daqiqasida bosh bilan gol urib, Braziliyani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
O‘yindan so‘ng Braziliya bosh murabbiyi Karlo Anchelotti chimning holatini tanqid qildi.
«Maydon yaxshi holatda emas edi. Bunday chimda o‘ynash qiyin bo‘ldi. Keyingi uchrashuvga qadar maydon yaxshiroq holatga keltirilishiga umid qilamiz», — dedi Anchelotti.
Avstraliya bosh murabbiyi Toni Popovich ham maydon sifati yaxshi bo‘lmaganini tan oldi, ammo uning jamoasi bunday sharoitlarga ko‘nikib qolganini ta’kidladi.
«Bu Braziliya bo‘lgani uchun ular maydonni ko‘rib, albatta, norozi bo‘lishadi. Lekin men ham ko‘plab saralash o‘yinlarida maydon holatidan norozi bo‘lganman va o‘yindan keyin bu haqda kimdir gapirganini deyarli eshitmaganman», — dedi Popovich.













