«Manchester Siti» aybdor deb topilgan qoidabuzarliklar orasida klubning sobiq bosh murabbiyi Roberto Manchini shartnomasi bilan bog‘liq holatlar ham bor.
Ayblov tomoni versiyasiga ko‘ra, Manchinining «Manchester Siti» bilan rasmiy shartnomasi va uning maoshini amalda ikki barobar oshirish imkonini bergan norasmiy kelishuvi bo‘lgan.
Rasmiy shartnoma bo‘yicha murabbiy yiliga 1,69 million yevro olishi kerak edi. Yana yiliga 2,03 million yevroni u go‘yoki shayx Mansurga tegishli bo‘lgan «Al-Jazira» klubidan olgan.
Ayblovga ko‘ra, bu kelishuv doirasida Manchini yiliga taxminan to‘rt kunlik maslahatchilik ishi uchun ushbu mablag‘ni olgan. To‘lovlar klub bilan bog‘liq tuzilmalar orqali amalga oshirilgani aytilmoqda.
Ushbu sxema haqiqiy to‘lov miqdorini yashirish va moliyaviy qoidalarni chetlab o‘tish imkonini bergani iddao qilingan.
«Manchester Siti» ham, Roberto Manchini ham bu ayblovlarni rad etgan.
Manchini 2009–2013 yillarda «Manchester Siti»ni boshqargan va klub bilan APL, Angliya Kubogi hamda Angliya Superkubogini qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, «Manchester Siti» FFP qoidalari bo‘yicha qo‘yilgan 115 ta ayblovning deyarli barchasi bo‘yicha aybdor deb topilgani xabar qilingan.













