2020 yil boshida UYEFA 2012–2016 yillar oralig‘ida homiylik shartnomalari daromadlarini oshirib ko‘rsatgani uchun «Manchester Siti»ni Chempionlar ligasidan chetlatish haqida qaror qabul qilgan edi. Keyinchalik «shaharliklar» Sport arbitraj sudida (CAS) UYEFA qarori ustidan muvaffaqiyatli shikoyat qilishgan. La Liga rahbari Xavyer Tebas ushbu masalani qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.
«Mening fikrimcha, Sport arbitraj sudining qarori qayta ko‘rib chiqilishi kerak, chunki u UYEFA tomonidan qo‘llanilgan sanksiyani bekor qilgan edi. Bu juda shubhali qaror bo‘lgan. Endi esa UYEFA haq bo‘lgani o‘z isbotini topdi», — dedi Tebas Goal portaliga bergan intervyusida.
Chempionlar ligasining 1-turida «Manchester Siti» safarda «Portu»ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.













