«Napoli» yarim himoyachisi Skott Maktominey o‘tgan oyda kichik jarrohlik amaliyotini boshdan kechirganidan so‘ng maydondagi mashg‘ulotlarga qaytdi.
Shotlandiyalik futbolchi 8 sentyabr kuni yurak ritmidagi yengil va xavfsiz buzilishni bartaraf etish uchun operasiya qilinganidan beri maydonga tushmayotgan edi.
Sport zalidagi tiklanish mashg‘ulotlarini yakunlagan Maktominey endi asosiy jamoa bilan umumiy mashg‘ulotlarga qo‘shildi va uning o‘yinlarga qaytishi yaqinlashmoqda.
Biroq Italiyada yurak bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha qat’iy tibbiy tartiblar amal qilgani sabab, Maktominay maydonga qaytish uchun mahalliy mutasaddilar nazoratida qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tishi va to‘liq tibbiy ruxsat olishi kerak.
«Napoli» yangi mavsumni qiyin boshladi. Jamoa beshta o‘yinda atigi ikki marta g‘alaba qozondi va A Seriya turnir jadvalida to‘qqizinchi o‘rinni egallab turibdi.













